Juma, 29 may 2020 y. Ўзбекча | O‘zbekcha | Русский | English
Bosh sahifa / Milliy g‘oya va mafkura / Milliy g‘oya

Milliy g‘oya – o‘zlikni anglash omili

Kategoriya: Milliy g‘oya va mafkura – Milliy g‘oya;
Muallif: SamDU “Milliy g‘oya va falsafa” kafedrasi assistenti Sh.Sh.Negmatova

Insoniyat tarixining ko‘p asrlik tajribasi biron-bir jamiyat ezgu g‘oyalar va mafkurasiz taraqqiy eta olmasligini tasdiqlab kelmoqda. Zero, odamning qalbi, ongi, ruhi va shuuri ko‘pdan-ko‘p savollarga javob bo‘ladigan, doimiy faoliyatga undab turadigan hayotbaxsh g‘oyaga hamisha ehtiyoj sezib yashaydi.

Bu esa o‘z navbatida, “...o‘zining milliy davlatini qurishga azmu qaror qilgan har qaysi xalq.... o‘ziga qo‘shimcha kuch-quvvat va madad topishda umumiy, yagona maqsad va orzu-intilish ifodasi bo‘lgan milliy g‘oyani tayanch va suanch deb biladi “– degan fikrning qanchalik hayotiy ekanligini isbotlaydi[1].

Demak, milliy g‘oyaning mazmun-mohiyatini bugun har birimiz chuqur anglashimiz barobarida, yuksak e'tiqod bilan amaliy faoliyatimizdagi ifodasini ta'minlab bera olishimiz zarur. Chunki har bir millat, davlat, jamiyat va insonning o‘zligini anglashi va taraqqiyotga erishishi milliy g‘oyaning hayotiyligi hamda amaliyotda to‘laligicha aks etishiga bog‘liq. Xo‘sh, o‘zligimizni anglashning va taraqqiyotimizning kafolati hisoblanadigan milliy g‘oya o‘zi nima? Ushbu savolga lug‘atlarda shunday ta'riflar keltirilgan.

Milliy g‘oya – millatning o‘tmishi, buguni va istiqbolini o‘zida mujassamlashtirgan, uning tub manfaatlari va maqsadlarini ifodalab taraqqiyotga xizmat qiladigan ijtimoiy g‘oya shakli[2]. Milliy g‘oya – muayan millat hayotiga mazmun baxsh etadigan, uni ezgu maqsad sari yetaklaydigan fikrlar majmui[3].

Milliy g‘oya – millatni, xalqni ezgu maqsadlar sari yetaklovchi ulug‘vor fikrdir[4].

Mustaqillikning ilk kunlaridanoq Prezidentimiz tomonidan milliy g‘oyaning asosiy tushuncha va tamoyillari, mezon va xususiyatlari belgilab olindi. Xususan, milliy g‘oyaga Prezident I.A Karimov quyidagicha ta'rif beradi: “Milliy g‘oya deganda ajdodlardan avlodlarga o‘tib, asrlar davomida e'zozlab kelinayotgan, shu yurtda yashayotgan har bir inson va butun xalqning qalbida chuqur ildiz otib, uning ma'naviy ehtiyoji va hayot talabiga aylanib ketgan ta'bir joiz bo‘lsa, har qaysi millatning eng ezgu orzu-intilish va umid-maqsadlarini o‘zimizga tasavvur qiladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, bunday keng ma'noli tushunchaning mazmun-mohiyatini ifoda qilgan bo‘lamiz”[5].

Ushbu ta'riflardan kelib chiqib aytish mumkinki, milliy g‘oya o‘zlikni anglash va ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotni ta'minlovchi milliy omil sifatida namoyon bo‘ladi.

O‘zlikni anglashning eng muhim omili milliy g‘oya hisoblanadi. Ushbu fikrimizni asoslashdan oldin “o‘zlikni anglash” tushunchasi mazmunini bilib olish zarur. Ilmiy adabiyotlarda “o‘zlikni anglash” tushunchasining ham bir qancha talqini uchraydi. Masalan ““o‘zlikni anglash – insoning o‘zini alohida vujud sifatida butun borliqdan ajrata bilishi, baholashi va qadriyat sifatida anglashini ifodalovchi tushuncha. O‘zlikni anglash jamiyat oldida turgan vazifalarni to‘g‘ri anglash, ijtimoiy tajribalardan foydalanish qonuniyatlarini bilish, Vatan, millat oldidagi mas'uliyat tuyg‘usi hamdir. O‘zlikni anglash mudom tarixiy rivojlanib boradigan shakl va ko‘rinishlarda, turli darajalarda namoyon bo‘ladi. Uning birinchi shaklida inson his etish orqali o‘zini tabiatdan, tevarak-atrofdagi narsa va hodisalardan ajrata biladi. O‘zlikni anlashning ikkinchi shakli yanada yuqori darajada namoyon bo‘lib, unda inson o‘zini biror-bir jamoa, u yoki bu madaniyatga tegishli ekanligi orqali anglaydi. Va nihoyat, uchinchi, eng yuqori daraja – o‘zini “men” orqali boshqalar nuqtai nazaridan baholashi, erkinligini his etgan holda har bir xatti-harakatiga bo‘lgan mas'uliyatni his etishi, o‘zi qilayotgan ishlarining to‘g‘ri-noto‘g‘riligi, haq yoki nohaqligini nazorat qila bilishidir.”[6]

Siyosiy fanlar doktori V.Qo‘chqorov “o‘zlikni anglash” tushunchasi bilan “milliy o‘zlikni anglash” tushunchalarining ma'no-mazmunini taqlil etadi va quyidagicha izohlaydi: “O‘zlikni anglash kishining borliqda o‘z o‘rnini bilishi, ijtimoiy munosabatlarda o‘z “men”i va hayotiy maqsadlarini boshqa “men”lar hamda ularning hayotiy maqsadlari bilan munosabatida namoyon bo‘ladigan individual jihatlarining idrok etilishi sifatida qaraladi. O‘zlikni anglashning muayan darajasi milliy o‘zlikni anglashdir. Milliy o‘zlikni anglash – millat va har bir millat vakilining umumiy madaniy negizga, til, madaniyat, tarixiy meros, ruhiyatga, urf – odat va an'analarga mansubligini va o‘z o‘rnini idrok etishdir[7].

Demak, hayotning ma'no-mazmuni, maqsadini tushunib yetish, o‘zlikni anlashdan boshlanar ekan. Bu haqda Prezidentimiz I.A.Karimov “O‘zlikni anglash deganda men tarixiy xotirani tiklash, nasl-nasabimiz kim ekanini, kimlarning vorisi ekanligimizni anglab yetishni, shundan kelib chiqib, o‘zimizga xos va mos jamiyat barpo etishni tushunaman”, deydi[8].

Inson ijtimoiy mavjudot sifatida talqin etilganda, uning mustaqil tafakkurga, e'tiqodga, bunyodkorlik qudratiga, o‘zgalar va butun borliq oldidagi mas'uliyat tuyg‘usiga ega ekanligi nazarda tutiladi. “Men kimman?”, “Bu yorug‘ dunyoga nima uchun keldim?”, “Menga ato etilgan buyuk ne'mat – hayotimni nimalarga safarbar etmog‘im lozim?”. Inson borki, ertami-kechmi ana shu savollarga javob izlay boshlaydi, kamolot sari yo‘l oladi. Bu yo‘lni – o‘zlikni anglash deb aytish mumkin. O‘zligini anglagan yoki anglay boshlagan kishigina shaxs darajasiga ko‘tariladi. Demak, o‘zlikni anglash, avvalo har bir insonning shaxsi, alohida “men”i bilan bog‘liq.

O‘zlikni anglash masalasiga faqat bugun e'tibor qaratilayotgani yo‘q. Bu boradagi qarashlar insoniyat jamiyatining paydo bo‘lishiga borib taqaladi.

Delfadagi appolon ibodatxonasining devorlariga o‘yib yozilgan va an'ana bo‘yicha yetti yunon donishmandlaridan biri – spartalik Xilonga tegishli deb hisoblangan “O‘zligingni angla” shiori qadimgi yunon falsafasining o‘zak masalasi bo‘lib qoldi. Yunon mutafakkirlarini bu borada izlanishga da'vat etdi. Eramizdan avvalgi V asrda Protagor, “inson bara narsalarning o‘lchovidir” degan fikrni ilgari surdi.

Suqrot uchun esa “o‘zligingni angla” hikmati donishmandlikning qoidasiga aylandi. “O‘zini anglagan inson, – degan edi u, – o‘zi uchun nima foydaliligi va nimalarga qodir ekanligini yaxshi tushunadi. U qo‘lidan keladigan ish bilan shug‘ullanish asnosida o‘z ehtiyojini qondiradi va saodatga erishadi. Har qanday xato va baxtsizliklardan xoli bo‘ladi. Buning natijasi o‘laroq, u o‘zga odamlarni qadrlay oladi va ulardan ezgulik yo‘lida foydalana biladi. Oqibatda o‘zini kulfatlardan asraydi”[9].

Islom dini va tasavvuf ta'limotlarida ham o‘zlikni anlash masalasiga alohida e'tibor qaratilgan. “Kimki o‘zligini tanisa, robbini taniydi”. Bu hadisda buyuk hikmat yashiringan. Uni bugungi kun muammolari nuqtai nazaridan quyidagicha talqin etish mumkin: har bir inson o‘zi intilmasa, maqsadlar qanchalik ulug‘ bo‘lmasin, biror-bir natija bermaydi. Shuning uchun ham Islom ahli, mutasavvuf allomalar insonni “olam mehvari” deb bilganlar. Ayni paytda ushbu hadis tasavvuf ta'limotida quyidagicha talqin etiladi. “Inson katta olamning kichraytirilgan nusxasi... Odam – ilohiy olamning ajralmas qismi, ilohiy olamdagi ilm va hikmat unda bor. Insonni Iloh olami bilan bog‘laydigan javhar – ruhdir. Agar Iloh olamini bilmoqchi bo‘lsangiz, insonni, ya'ni o‘zingizni o‘rganing, o‘zingizni taning. Demak, Xudoni anglash, tanish insonni anglash va tanish orqali kechadi. Ammo o‘zlikni anglash, o‘zini tanish ruh va qalbni poklash, aqlu shuurni toblash, taqvo va tavba yo‘li orqali boriladi”[10].

Tasavvuf botin, ya'ni inson ichki olami haqidagi ilmdir. Shu bois sufiylar bu ilmni ilmi hol (ruhiyat ilmi) deb ataganlar. Alohida uqtirish joizki, sufiylar shariatni aslo inkor etmaganlar. Ammo toatu ibodatni ado etish bilan cheklanmasdan, balki Alloh kalomining mazmun-mohiyatiga chuqurroq kirib borish, inson va Yaratgan orasidagi munosabatni teran anglash, Ilohni chin dildan sevish va qalbni tozalab, uni Xudoning uyiga aylantirishni orzu qilganlar. Bunday yondashuv yuzaki, chala dindorlikni rad etib, uning o‘rniga butun vujudi bilan Xudoga intilib, ahloqiy poklanib, inson sifatida kamol topib, yuksalishga, ma'naviy chiniqishga olib keladi. Ana shu g‘oya zamirida Komil inson tushunchasi rivojlantirilgan.

Tasavvuf ta'limotida insonnig o‘zligini anglashi ana shunday go‘zal ahloq va poklikka, yuksak ma'naviyat va komillikka asoslanadi.

Islom va tasavvuf ta'limotida ixlos o‘zlikni anglashning asosiy mezoni hisoblanadi. Ixlos (arabcha – samimiylik, ko‘ngli ochiqlik; berilganlik, muxlislik; e'tiqod) Chin yurakdan, ishonch bilan berilish; astoydil muhabbat, mehr[11].

O‘zlikni anglash har bir insonning millat ruhiga sadoqatida, ushbu sadoqat esa uning ixlosida namoyon bo‘ladi. Biz bu fikrimizni taniqli olim A.Azizxo‘jayevning “Chin o‘zbek ishi” kitobida keltirgan misollariga asoslanib bayon etdik.

“2003 yilning 27 noyabri – Iydi Ramazonning uchinchi kuni. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Buxoroi Sharif tuprog‘ida qayta qad rostlagan ikki muborak qadamjo – Abduxoliq G‘ijduvoniy va Xo‘ja Bahouddin Naqshband majmualari ziyoratiga kelishi kutilmoqda. Prezident G‘ijduvoniy ziyoratgohini ko‘rib, keyin Bahouddin Naqshbandga – asosiy anjuman o‘tadigan dargohga keladi. Mamlakat rahbari tashrifi uchun hamma narsa taxt qilingan. Toshkentdan va viloyatlardan borgan ulamolar, tarixchi va tasavvufshunos olimlar, xorijiy mehmonlar, Buxoro jamoatchiligi – hamma Bahouddin Balogardon hoki yotgan tuproqqa katta ruhiy tadorik va ixlos-la qadam qo‘yadi. Odamlar ikki-uchtadan bo‘lib qadamjoni ziyorat qilar ekanlar, ular o‘rtasidagi suhbat pirovardi mushtarak mavzuga taqaladi: bundan bir-ikki yilgina avval bu joylar qay ahvolda edi? Dahriy sho‘ro zamonida-chi?

Bizning hamrohimiz Jondor tumani hokimi Xolmurod Jumaboyevning to‘lqinlanib aytayotgan gaplariga quloq tutamiz:

– Mana shu turgan joyimizda ne voqealarning guvohi bo‘lmadim. Sho‘ro tuzumi o‘zini oxirgi kunlarigacha bizning ruhimizga egalik qilishini qo‘ymadi. Shu Kogon rayoni boshqaruvida xizmat qilaman deng. Mana shunaqa ulug‘ ayyom – hayit kunlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Maskovning o‘zidan kelgan topshiriqni bajarishga safarbar qilinamiz. U paytda turfa axmoqona topshiriqlar ko‘p bo‘lardi-u, lekin bunisi hammasidan avval yurakka yuk bo‘lib tushardi. Ya'ni biz arafa kuniyoq shu mozorot darvozasi oldida qo‘riqchilik qilib, ziyoratga kelayotgan xalqning yo‘lini to‘sishimiz, odamlarni xuddi qo‘ydek oldimizga solib quvishimiz talab qilinardi. Alhamdulilloh, musulmonmiz – odamlarga iloji boricha qattiq gapirmaslikka urinamiz, ziyoratgohning o‘zida emas, nariroqda – tut paykallari orasiga borib, birovni ko‘ziga ko‘rinmasdan duoi fotiha qilib ketaverishlarini maslahat beramiz…

Yaratganga shukrki, yurtimizni mustaqil ko‘rmoq bizga nasib etdi. Prezidentimiz boshqa ziyoratgohlar qatori Bahouddin Naqshband hazratlari xilxonasini obod qilish tashvishiga tushdilar. Shu jarayonda bo‘lib o‘tgan bir voqea hech yodimizdan chiqmaydi.

1993 yilning sentabr oyi edi. Prezidentimiz ulug‘vor va go‘zal bir qandilni Toshkentdan shu ziyoratgohning eng muazzam gumbaziga osish uchun yubordilar. Ta'mir ishlari tugay deb qolgan paytda qandilni yuqoriga ko‘tara boshladik. Shu payt uning zanjiri birdan uzildi-u mahobatli qandil pastga qarab ketdi. U bilan bizlarning ham yuragimiz qanchalar shuvillab ketganini tasavvur qilarsiz. Buni qarangki, hov yuqoridan tushayotgan qandil xonaqoning tosh poliga 2-3 metr qolganda bir nozik elektr simiga ilingancha osilib, to‘xtab qoldi...

Oradan uch kun o‘tib, ta'mirlash ishlarining borishini bilish maqsadida barcha viloyatlar hokimlarini yoniga olib Prezident keldi. Hamma joyni sinchiklab ko‘rdi, zarur ko‘rsatmalar berdi, Qur'on o‘qilib fotihalar qilindi. Yurtboshimiz xonaqadan chiqib ketayotgan joyida bir qayrilib gumbazga qarab qoldi-u, bizlarga savol berdi:

– Men jo‘natgan qandilni nega osmadinglar?

Hamma javob kutib menga qaradi. Men hayajondan zo‘rg‘a o‘zimni bosib:

– Gumbaz qandilni qabul qilmadi, – deb javob berdim.

Prezident boshqa gap aytmay, Bahouddin Naqshband masjidining imom-xatibi Bobojon domlaning qo‘ltig‘idan olib ichkari kirib ketdi va o‘sha yerda ikki rakat nomoz o‘qib, uzoq duo qildi.

Nomozdan turib chiqarkan, “Qani, endi yana bir harakat qilib ko‘ringlar-chi”, dea biz bilan xayrlashdi.

Xudoning qudrati bilan o‘shandan keyin qandil osongina masjid gumbaziga va hamon shu yerda nur sochib turibdi…”[12]

Kitobda keltirilgan ushbu voqeani nima uchun esladik? Chunki o‘zlikni anglash – qadriyatlarni anglashdan boshlanadi va bu borada Prezidentimizning amalga oshirayotgan islohotlari tahsinga sazovordir. Islom dini va tasavvuf ilmining ezgulikka yo‘g‘rilgan g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z tarbiyaviy hamda amaliy ahamiyatini yo‘qotmagan.

Biz “o‘zlikni anglash” haqidagi fikrlarni keyingi davrlarda yashab ijod etgan mutafakkirlarimiz qarashlarida ham kuzatishimiz mumkin. Zero, o‘zlikni anglash insoniyat taraqqiyotining eng muhim mezonidir. Buni buyuk vatandoshimiz Abu Nasr Forobiy qarashlarida ham kuzatishimiz mumkin. Masalan, “Inson baxt-saodatga erishishda olam asoslari haqidagi ilmni, tabiiy jismlarning tuzilishini, osmon, jonli tabiat – o‘simlik va hayvonot olami to‘g‘risidagi barcha bilimlarni o‘zlashtirib olishi lozim. Shundan so‘ng u insonni o‘rganishga kirishishi va uning kamolotga erishuvi sabablari bo‘lmish xayr-ehsonli ishlar, go‘zal insoniy fazilatlarga diqqatni jalb etish zarur"[13].

Xuddi shu davrda yashab ijod etgan Ibn Sino (980-1037)da ham mavzumizga oid fikrlarni kuzatishimiz mumkin. Voqelikni ma'naviy o‘zlashtirish insonga xosligini Ibn Sino alohida ta'kidlaydi. Insonning aksariyat hollarda o‘zidan kuchli bo‘lgan hayvonlardan afzalligi nimadan iborat? Ibn Sinoning fikricha, Alloh insonga shunday kuch-quvvat ato etganki, shu tufayli u ezgulik (“xayr”)ni yomonlik (“sharr“)dan, intellektual yetuklik, kamolot (“rashod”)ni yolg‘on-ashiq, adashish (“gumrohi”)dan farq qiladi. Inson aqlli mavjudot ekanligidan tabiatda muhim o‘rin egallaydi, boshqa mavjudotlardan ajralib turadi. Aql nuridan bahramandligi sababli tabiatning ko‘r-ko‘rona tasodifiy kuchlari ta'siridan birmuncha ozod shaxsga aylanadi hamda o‘zining amaliy va nazariy faoliyatini “donishmandlik tarozisi” – aql mezoni talablariga moslashtiradi[14].

Prezidentimiz I.A Karimov o‘zining “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” asarida “Tarixiy xotirasi bor inson – irodali inson”. Tarix saboqlari insonni hushyorlikka o‘rgatadi. O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi” deb ta'kidlaganlar. Biz yurtimizni uzoq va g‘oyat murakkab tarixiga nazar tashlasak, bu jarayonni aniq ifodalaydigan tarixiy manzaralarga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Birgina A.Temur va Temuriylar davri tarixi buning yorqin isboti bo‘la oladi. Temuriylar saltanati bir necha asrlar mobaynida gullab-ashnadi, ulug‘ allomalarni dunyoga keltirdi, ilm-fan, madaniyatda yetakchilikka erishdi. Buni sababi nimada edi? Javob bitta: A.Temur mamlakat ijtimoiy-siyosiy bo‘hron iskanjasiga tushib qolgan, feodal tarqoqlik va o‘zaro nifoq avj olgan bir sharoitda xalqni o‘z g‘oyalari atrofida birlashtira oldi. “Men o‘z saltanatimni dini Islom, to‘ra va tuzuk asosida mustahkamladim,” – degan edi ulug‘ sohibqiron, – saltanatni boshqarishda uchragan har qanday voqea va ishni tuzuk asosida bajardim”[15].

Milliy g‘oya o‘zlikni anglashda asosiy mezon hisoblanadi. Jadid-ma'rifatparvarlarimizning milliy ozodlik yo‘lidagi faoliyatlari fikrimizning dalilidir. Birgina jadidchilik harakatining yetuk namoyondalaridan biri M.Behbudiyning “Haq olinur, berilmas!” degan da'vatida milliy o‘zlikni anglashning betakror ifodasini ko‘rishimiz mumkin.

Sobiq mustabid davrida tariximiz, tilimiz, dinimiz, umuman olganda o‘zligimizni bilishimiz, anglashimiz masalasi e'tibordan chetda qolganligi, to‘g‘rirog‘i, o‘zlikni anglashga bo‘lgan har qanday harakat qat'iy ta'qiqlanganligi ayni haqiqat.

Mustaqillik bizga bir qator imkoniyatlar uchun yo‘l ochdi, tariximizni xolisona yoritish, azaliy qadriyatlarimizni tiklash, milliy o‘zligimizni anglash kabi asriy orzularimizni amalga oshishi – shular jumlasidandir.

Milliy g‘oya xalqning ishonch va e'tiqodiga aylansa, u o‘zining kutilgan samarasini beradi. Shuning uchun ham ishonch va e'tiqod masalasi milliy g‘oyada muhim mezon hisoblanadi. Mamlakatimiz rahbari «FIDOKOR» gazetasi muhbirining savollariga bergan javoblarida «mafkura faqat bugun yemas, balki hamma zamonlarda ham eng dolzarb ijtimoiy-siyosiy masala, har qanday jamiyatni sog‘lom, ezgu maqsadlar sari birlashtirib, uning o‘z muddaolariga erishishi uchun ma'naviy-ruhiy kuch-quvvat beradigan poydevor bo‘lib kelgan» deb ta'kidlaydi. O‘zbekistonning hozirgi davlat hududida yashagan halqlarning uch ming yillik tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, aksariyat hollarda bosqinchilar zulmi ostida yashaganligini ko‘ramiz. Darhaqiqat, yeramizdan avval VI asrda-eron ahamoniylari, IV asrda-Yunon bosqinchisi Aleksandr Makedoniskiy, yeramizning birinchi asrlarida-xitoyliklar, VII asrlarda-arab badaviylari, XII asrlarda-mo‘g‘il istilochilari, XIX asrdan boshlab, avval Chor Rossiyasi, keyin «+izil imperiya» iskanjasida ezilib yashaganligiga ko‘hna tariximiz guvoh bo‘lgan.

Shulardan kelib chiqib fikr qiladigan bo‘lsak, tabiiy ravishda, nega xalqimiz buncha ezilib yashagan, sababi nima, degan savol tug‘iladi. Uning turli sabablari faylasuflar, tarixchilar, siyosatshunoslar tomonidan u yoki bu tarda izohlangan. Lekin uzoq davom yetgan bu milliy fojeaning asosiy sababi-millatning g‘oyaviy tarqoqligi, parokandaligidir. Zero, milliy tariximiz ozodlik, mustaqillik uchun kurashib yorqin iz qoldirgan: Shiroq, Tumaris, Spitamin, Muqanna, Najmiddin Kubro, Jaloliddin Manguberdi, Maxmud Tarobiy, Temur Malik va boshqa buyuk milliy qahramonlar xalqni ozodlik, mustaqillik g‘oyalariga sobit ergashtirishga harakat qilganlar. Milliy g‘oyaning, jamiyat mafkurasining xalq ishonchi, mukammal e'tiqodiga to‘la aylanmaganligi sababli mag‘lub bo‘lganlar. Mamlakat yovlar oyog‘i ostida payhon bo‘lgan, millat g‘ururi, sha'ni toptalgan.

1991 yil O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘zbek xalqi o‘z mustaqilligini saqlab qoladimi yoki yana mustamlakachilikning yangi ko‘rinishlariga xos hayot kechiradimi, degan masalani kun tartibiga qat'iy qilib qo‘ydi.

Mustaqillikka erishgandan keyin mustabid tizimning yakka hukmron bo‘lgan kommunistik mafkurasidan bezib, zada bo‘lib qolgan o‘zining milliy g‘oyasi negizlari bo‘lgan madaniy qadriyatlar, urf-odat va an'analaridan begonalashtirilgan xalq jamiyatning barcha sohalarini «mafkuradan holi qilish»ni qo‘llab-quvvatladi. Xalqni birlashtirish, mustaqillikni mustahkamlashning birdan bir yo‘li-o‘zbek xalqini uyushtiruvchi, yangi jamiyat qurishga safarbar yetuvchi milliy g‘oyani, jamiyat mafkurasini shakllantirib, xalq ishonchi va e'tiqodiga aylantirish bilan bog‘liq edi. I.Karimov 1993 yil 6 may kuni Oliy Kengashning XII sessiyasida so‘zlagan nutqida: «Oldimizda turgan eng muhim masala, bu-milliy istiqlol mafkurasini yaratish va hayotimizga tadbiq yetishdir. Bizning eng ulug‘ maqsadimiz, eng ulug‘ g‘oyamiz, eng ulug‘ shiorimiz shuki, O‘zbekistonning bitta yo‘li bor: mustaqillikni mustahkamlab, istiqlolni mustahkamlab-olg‘a yurish. Mafkuramiz, tutgan yo‘limiz, bor g‘ayratimiz ana shu ulug‘vor niyatga yo‘naltirilishi kerak. Xalqimizni, barcha siyosiy kuchlarni, jamiyat tashkilotlarini yakdil, bir jon, bir tan qiladigan g‘oya ham aslida shu», degan edi.

Milliy g‘oya-muayan hududda yashayotgan turli ijtimoiy guruh va tabaqalarning, millat va elatlarning, xilma-xil diniy e'tiqodli kishilarning manfaatlariga mosligida, ularning dunyoviy va ilohiylik xususiyatlari mutlaqo shartli hamda nisbiydir. Aniqroq qilib aytganda, milliy g‘oya xalqning ishonchi va e'tiqodini ifodalaganligi uchun, ularning mavjudligini hamda rivojlanish istiqbollarini namoyon qiladi. Shu nuqtai nazardan, milliy g‘oya jamiyatni tashkil qilgan shaxslar, individlar va ijtimoiy guruhlarning siyosiy partiyalarga mansubligidan, qaysi dinlarga e'tiqod qilishidan, millati va irqidan, ijtimoiy maqsadidan qat'iy nazar, ularning manfaatlarini integrasiyalashtiruvchi hamda universallashtiruvchi ijtimoiy faoliyat omili hisoblanadi. Jamiyatning mafkurasi, turli ijtimoiy ong shakllari va amaliyot yo‘nalishlari: ta'lim-tarbiya, fan va ilmiy muassasalar, madaniyat va ma'naviy-ma'rifat, adabiyot va san'at, din, jismoniy tarbiya va sport sohalarida integrasiyalashgan komplaks-sistemali faoliyatni taqozo qiladi.

Bu vazifaning murakkabligi:

Birinchidan, uzoq tarixiy davrlarda davom yetgan mustamlakachilik siyosati xalqni tarixiy xotiradan, milliy qadriyatlardan mahrum qilish chegarasiga keltirib qo‘ygan edi.

Ikkinchidan, shu davrlarda totalitarizm, voluntarizm siyosatining tashkiliy-institusional tizimi xalq ongida mustamlakachilikka nisbatan «ko‘nikish effektini» vujudga keltirib: bo‘ysunuvchanlik, qullik stereotiplarini shakllantirgan. Boshqacha qilib ay tganda, «uzoq yillar davomida bu tuzum faqat jamiyat unga zo‘rlab bo‘ysundirilgani uchungina yemas, balki jamiyat zo‘rlik yo‘li bilan mafkuraviy qolipga moslashtirilgani uchun ham totalitar deb atalib kelindi».

Uchinchidan, yangi vujudga kelgan mustaqil davlatlar ustidan hukmronlik qilishning mukammal mafkuraviy usullaridan, vositalaridan foydalanishga tayyor turgan davlatlarning «g‘oyaviy emansipasiyasi», «mafkuraviy agressiyasi» keng miqiyosda hujum boshlashi bilan xarakterlanadi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin, milliy g‘oya va jamiyat mafkurasini shakllantirish, ularni xalq ishonchi va e'tiqodiga aylantirishning bir-biri bilan bog‘liq ikki vazifasi kun tartibiga qo‘yildi. Ularni, shartli ravishda, ijtimoiy-siyosiy makon, tarixiy zamon nuqtai nazaridan ichki va tashqi yo‘nalishlarga ajratish maqsadga muvofiq.

Mamlakatimizning bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tishi, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy hayotini erkinlashtirmoqda. Ma'lumki, jamiyatni tashkil qilgan ijtimoiy-siyosiy qatlamlarning manfaatlaridagi xilma-xillik qonuniy tarzda ular o‘rtasidagi manfaatlar xilma-xilligini namoyon yetish bilan birga erkin va mushtarak maqsadlarni ham keltirib chiqaradi. Johondagi rivojlangan davlatlarning tarixiy tajribalari shu manfaatlar mushtarakligini o‘z vaqtida, oqilona hal qilishning yo‘llarini, vositalarini topish jamiyatning barqaror taraqqiyoti garovi ekanligini va aksincha, mamlakatlarning g‘oyaviy ojizligi, noshudligi milliy parokandalikka olib keldi, xalqni qullikka mahkum qilishini qayta-qayta isbotlab bergan. Ana shu holatni oldini olishda mamlakat ichida xalqning milliy g‘oyaga bo‘lgan ishonch va e'tiqodi ularni umummilliy maqsad yo‘lida jipslashtiradi.

Milliy o‘zligini anglash – bu har bir millat, xalq o‘z-o‘zini bilishga, tushunishga qaratilgan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy jarayondir. Bu jarayon boy mazmunga ega bo‘lib o‘ta murakkabdir.

Har bir millat doimo o‘zining milliy g‘oyasiga asoslangan g‘oya ham o‘zligini anglashga intilib yashaydi. Biroq bunday intilish hamma vaqt ham doimo ham amalga oshavermayd, chunki u turli jamiyatdagi sharoitlarga va obektiv va subektiv omillarga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham millatlar bir-biridan, o‘zlarining mustaqil belgisi bo‘lgan milliy o‘zligini qay darajadaanglaganligi bilan ham ancha farq qiladi.

Prezident Islom Karimov bu jarayonning mohiyati to‘g‘risida quyidagi fikrlarni bildirgan, ya'ni: «O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi». “Biz, - deydi I.A. Karimov. – haqqoniy tariximizni tiklashimiz, xalqimizni, millatimizni anna shu tarix bilan qurollantirishimiz zarur” va “O‘zlikni anglash deganda men tarixiy xotirani tiklash, nasl-nasabimiz Kim ekanini, kimlarning vorisi ekanligimizni anglab yetishni, shundan kelib chiqib, o‘zimizga xos vam os jamiyat barpo etishni tushunaman”[16], deydi I.A. Karimov.

Prezidentimizning bu fikrlaridan biz milliy o‘zlikni bilishning muhim jihatlarini tushunishga erishdik. Shu fikrlarni yanada oddiylashtirish va milliy o‘zlikning boshqa jihatlarini ham ko‘rib chiqish maqsadida, biz ketma-ket turli adabiyotlarda milliy o‘zlikka berilgan ayrim ta'riflarni keltiramiz.

Milliy o‘z-o‘zini anglashning o‘z mezonlari mavjud bo‘lib, ular asosan quyidagilardan iborat:

a) o‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminining, yurtining, Vatanining yagonaligini anglash;

b) o‘z ona tilini chuqur bilish va uni hurmat qilish;

v) o‘z milliy madaniyatini va ma'naviy merosini har tomonlama o‘zlashtirish va saqlash;

g) o‘z tarixini muntazam o‘rganib borish[17].

2. Milliy o‘zlikni anglash bu –

a) xalqning o‘tmishi;

b) uning bosib o‘tgan shonli yo‘li;

v) o‘ziga xos madaniyati;

g) til birligi;

d) urf-odat va an'analari;

ye) tarixan ortirgan boy hayotiy tajribasi;

yo) diniy qadriyatlarni anglash va qadrlashdir[18].

3. Milliy o‘zini-o‘zi anglash bu –

a) xalqning, millatning o‘tmish tarixiy taraqqiyot yo‘lini tushunish;

b) ota-bobolari, nasl-nasabi, avlodu ajdodlarining kim bo‘lganligi

v) ularning jahon ilm-fani, madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan buyuk hissalarini bilib olindi va shu bilan birga berilgan vakilarni ularning ularning manfaatlari va yehtiyojlarining umumiyligini tushunib yetishdir.

4. Har bir millat vakili uchun milliy o‘zlikni anglash bu –

a) qanday millat farzandi ekanini bilish;

b) shaxsning o‘z milliy mansubligini ye'zozlashi;

v) undan g‘ururlanishi;

g) o‘z millat manfaatlari, yehtiyojlari va maqsadlaridan kelib chiqib fikri va faoliyatini boshqarishdir[19].

5. Milliy o‘zlikni anglash bu –

a) jamiyat a'zolari mustaqillik millat uchun ulug‘ ne'mat va ekanligini va uning hayotida naqadar muhim ahamiyat kasb etshini anglash;

b) millatning tub manfaatlarini va u har bir shaxs, mahalliychilik manfaatlaridan ustun turishini anglab yetish va shu bilan birga

v) millat o‘zining sha'ni, qadr-qimmati, or-nomusi to‘g‘risida qayg‘urishi;

g) milily g‘urur va iftixor tuyg‘usini ma'lum darajada his etshidir.

6. Milliy o‘zlikni anglash natijasida millat vakillarining milliyligi, milliy xususiyatlari jonlanadi va kuchayadi, ularning millat taqdiri va kelajagi to‘g‘risidagi g‘amxo‘rligi tobora oshadi va butun millat dardi bilan yashash ular hayotining mazmuniga aylanib boradi.

Milliy o‘zlikni anglashning millat uchun eng ahamiyatli jihatlari shundan iboratki, millat vakillari o‘zligini qancha teran anglay borsalar, shuncha mustaqillik ular uchun ulug‘ ne'mat ekanligini va millat manfaatlari har qanday shaxsiy manfaatlardan ustun turishini anglay boshlaydilar.

Umuman olganda, milliy o‘zlikni anglash har bir millatning hayotida nihoyatda katta o‘rin egallaydi, chunki u o‘zining o‘tmishini teran anglash asosida bugunini ham to‘g‘ri va atroflicha bilib olishga erishadi va shu bilan birgalikda o‘z kelajagini aniq belgilab rivojlanish yo‘liga o‘tib oladi.

Xulosa sifatida, milliy o‘zlikni anglash davlat, jamiyat va xalq uchun qanchalik ahamiyatli va muhim ekanligi to‘g‘risidagi so‘zlarimizni Prezidentimiz Islom Karimovning quyidagi fikri bilan yakunlaymiz, ya'ni: “Millat o‘zligini to‘la anglagan taqdirdagina buyuk o‘zgarishlar qilishga qodir bo‘ladi”[20]

2. Milliy g‘oya – o‘zlikni anglash va taraqqiyot omili.

Milliy g‘oyalar kelib chiqish asoslari millatning qadimdan to hozirgacha bo‘lgan tarixida mujassam yetilgan bo‘lsada, biroq ularni millat vakillari asosan milliy ong va milliy o‘zlikni anglash orqali bilib olishga erishadi va boyitib boradilar.

Ma'lumki, milliy g‘oya bilan milliy o‘zlikni anglash bevosita o‘ziga xos birlik sifatida bog‘liq bo‘ladi va ularning bir-biriga bo‘lgan ta'siri o‘zgarib boradi. Bu birlik tomonlarining bir-biriga nisbatan bo‘lgan ustunligi tarixiy vaziyatlar o‘zgarishi bilan almashib turadi. Masalan, xalqimiz mustamlakachilik oqibatlarini (zulmi) o‘z boshidan kechirgan davrlarda, uning milliy g‘oyasi va milliy o‘zlikni anglash jarayoni so‘nib borsada, biroq milliy g‘oya milliy o‘zlikni anglash jarayoniga nisbatan ustun bo‘lib turdi va bu jarayonning mutlaqo o‘nib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Xususan, sobiq sovetlar davlati davrida milliy o‘zlikni anglash jarayoni salkam to‘xtab qolishiga oz qolgan bo‘lsada, biroq milily g‘oya xalqimiz mustaqillika erishishiga asos bo‘lgan edi. Xalqimiz mustaqillikka erishgan davrda esa milliy o‘zlikni anglash jarayonini keng doirada kamol toptirish va jadallashtirish, davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, chunki milliy istiqlol g‘oyasini yaratish va uni yangi g‘oyalar bilan boyitib borish, bu davrning eng dolzarb muammosiga aylanib qoldi. Bizningcha, bugungi kungacha bu jarayon tobora kuchayib bormoqda va shuning asosida milliy istiqlol g‘oyasining yaratilishi va u yangi-angi g‘oyalar bilan boyib borishi ham davom etmoqda.

Milliy g‘oya bilan milliy o‘zlikni anglash jarayonining o‘zaro bog‘liqligi ancha murakkab bo‘lib, u alohida o‘rganishni talab qiladi.

Milliy g‘oya va milliy o‘zlikni anglash jarayonining jonlanishi va jamiyat talabi darajasida rivojlanib borishi, doimo mustaqillikka bog‘liq bo‘ladi. Shu fikrdan kelib chiqib, biz milliy g‘oyaning milliy o‘zlikni anglash jarayoniga ta'sir yetishining ayrim jihatlarini ko‘rib chiqamiz:

1. Eng avval shunga alohida ta'kidlash joizki, milliy o‘zlikni anglash jarayonining ravnaq topishi uchun davlat, xalq va millat mustaqil bo‘lishi shart, mustaqillikni qo‘lga kiritish va uni mustahkamlash yesa, milliy g‘oyaning eng muhim vazifasi va uning jamiyatda qay darajada rolining oshganligiga bog‘liqdir. Boshqacha aytganda milliy g‘oyaning jamiyatdagi roli oshib borishi bilan milliy o‘zlikni anglash jarayoni ham jonlanadi va ravnaq topadi.

2. Milliy g‘oyada doimo davlat, xalq va millatning tub manfaatlari, maqsadlari, yehtiyoj va intilishlari ifodalangani tufayli, unda milliy o‘zlikni anglashga nisbatan tarixiy voqealar atroflicha teranroq va umumlashtirilgan holda ifodalanadi va shu bilan o‘zlikni anglash jarayoniga (metodologik) umumiy va to‘g‘ri yo‘nalish beriladi.

3. Ma'lumki, milliy g‘oyaning eng muhim vazifalaridan biri bu – millatning har bir vakilida Vatan tuyg‘usini tarbiyalashdan iboratdir. Bu fikrni teranroq talqin qilsak, unda biz milliy g‘oya milliy o‘zlikni anglashning bosh maqsadini belgilab berganini bilib olamiz, ya'ni tarixni bilishda o‘tmishning barcha davrlarida xalq, millat vakillarining o‘z Vatanining yerki, tinchligi va farovonligi uchun olib borgan kurashi, ularning bu yo‘lda ko‘rsatgan qahramonliklari, chekan azoblari, tortgan uqubatlari, bildirgan mehr-sadoqat, fidoyiligi va shu kabilarni teran yoritish bosh obektlari (muammolar) bo‘lishi kerak.

4. Milliy g‘oya xalq, millatning moddiy va ma'naviy kuchaga aylanib borishi natijasida milliy o‘zlikni anglash jarayoni yuqori pog‘onalarga o‘tib boradi va shu bilan bu jarayon o‘tmishning yangi jihatlarini bilib olishga va voqealarini teranroq talqin qilishga yangi imkoniyatlar vujudga keladi.

5. Milliy g‘oya bugungi kunning eng dolzarb muammolari va xalq millatning tub manfaatlari va maqsadlaridan kelib chiqib milliy o‘zlikni anglashga ma'lum darajada yo‘nalish (ko‘rsatish) beradi, ya'ni unga qadimda, Vatanimizda hozirgi muammolar kabi muammolar bo‘lganligini va ular qanday hal qilinganligi kabilarni aniqlash vazifalari yuklanadi.

6. Fikrlarimizni yakunlab aytishimiz mumkinki, milliy g‘oya va milliy o‘zlikni anglash jarayonining munosabatini mantiqiylik bilan tarixiylikning o‘zaro munosabati bilan qiyoslashni o‘rinli deb hisoblaymiz. Shu fikrdan kelib chiqib shuni ta'kidlash joizki, milliy g‘oya ijtimoiy hayotning mohiyati va muayan qonuniyatlari ifodalash bilan milliy o‘zlikni anglashda aniqlik kiritib boradi.

3. Milliy o‘zlikni anglash tarixiy e'tiqodni tiklash omili.

Ma'lumki e'tiqodsizlik xurofotga (irim-chirimga bid'at, ishonish), xurofot jaholatga (ilmsizlik, madaniyasizlik, yovvoiylik), jaholat yesa halokatga olib keladi (o‘lim, baxsizik).

Tarixiy e'tiqod deganda avvalam bor qadimda halq, millat vakillari muayan milliy g‘oyaga ega bo‘lgan holda, baxtli hayot kechirish uchun intilib yashaganligi, milliy qadriyat va boshqa barcha milliy xususiyatlarini ye'zozlagani, o‘z shaxsiy va milliy qard-qimmatini toptalishiga yo‘l qo‘ymaganligi, o‘zlarining yerki, tinchligi, farovon hayoti va porloq istiqboli asosini milliy birlikda va ezgu ishlar qilishda deb hisoblanganligi va shu birlikni mustahkam saqlab, jamiyatda ezgulik hukmron bo‘lishiga astoydil ishonganligi tushunishimiz kerak. Shu ishonch-e'tiqod, ularni mustamlakachilik zulmini engishga, yovuz bosqichni kuchlar bilan qahramonlarcha kurashishga, Vatan uchun jonini ham ayamaslikka va milliy birlikni saqlashga undagan.

Hozirgi kunda milliy o‘zlikni anglash orqali xalq, millat vakillari qancha o‘z tarixini teranroq va atroflicha bilib olishga erishsalar, shuncha ular ko‘proq moziyda bo‘lib o‘tgan tarixni voqealarining qatnashchilariga aylanib boradilar va shu asosda ular sezilarli darajda o‘z xalqining o‘tmishdagi yutuqlaridan suyunadilar va mag‘lubiyatlaridan kuyinadilar. Bunday holatga erishgan zamondoshlarimizning hissiyoti, ongi va qalbiga o‘tmishdagi vatandoshlarimizning his-tuyg‘ulari, o‘ylari va intilishlari jo bo‘la boshlaydi. Yendi bu millat vakillari bugungi kundagi ijtimoiy voqealarini o‘tmishda yashagan vatandoshlarimizning ko‘zi bilan ham ko‘ra boshlaydilar va yuragi bilan his qiladilar.

Xulosa qilib, shuni aytishimiz mumkinki, milliy o‘zlikni anglash orqali, o‘tmishda xalqimiz duch kelgan muammolarni va ularning qanday hal qilinganligi bilib olish, shubhasiz bugungi kundagi muammolarni to‘g‘ri va tezroq hal qilinishiga yordam beradi va jamiyatimizning taraqqiyotini tezlashtiradi.



[1] Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch. – T.: Ma'naviyat, 2008. 71-b.

[2] Ma'naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009. 410-b.

[3] Ma'naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009. 410-b.

[4] Milliy istiqlol g‘oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. – T.: O‘FMJ, 2004. 188-b.

[5] Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch. – T.: Ma'naviyat, 2008. 71-b.

[6] Ma'naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009. 704-b.

[7] Qo‘chqorov V. “O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotining demokratiyalashishi jarayonida milliy o‘zlikni anglash muammosi” siyosiy-falsafiy tahlil Siyosiy fanlar doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya avtoreferati. – T.: 2009. 12-b.

[8] Karimov I.A. Biz tanlagan yo‘l – demokratik taraqqiyot va ma'rifiy dunyo bilan hamkorlik yo‘li. 11-jild. – T.: O‘zbekiston, 2003. 34-b.

[9] Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf. – T.: Yangi asr avlodi, 2011. 63-b.

[10] Komilov N. Tasavvuf. Tavhid asrori. – T.: O‘zbekiston, 1999. 17-b.

[11] O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 2-jild. – T.: O‘MEDIN, 2010. 246-b.

[12] A.Azizxo‘jayev “Chin o‘zbek ishi” – T.: O‘zbekiston, 2011. 415-417-bet.

[13] Ma'naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009. 592-b.

[14] Ma'naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009. 181-b.

[15] Amir Temur o‘gitlari. – T.: Navro‘z, 1992. 19-b.

[16] I.A. Karimov. Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. “Muloqot” jurnali. 1998 yil. 5-soni

[17] M. Alimova, M. Tumenova, J. Hasanov. Milliy o‘zlikni anglash jarayonida ijtimoiy faollik – “Yoshlar ongi, qalbi va dunyoqarashini shakllantirish hozirgi kunning dolzarb masalasi”, Guliston, 2006, 106-bet.

[18] I.R. Xo‘jamurodov. Istiqlol va o‘zlikni anglash. – Milliy istiqlol mafkurasi va uning ta'lim-tarbiyadagi o‘rni. S., 1995, 34-bet.

[19] Z. Hamidov. “Milliy o‘zlikni anglashda mafkuraning roli” – Milliy istiqlol mafkurasi va uning ta'lim-tarbiyadagi o‘rni. Samarqand, 1995, 38- bet. Akmal Saidov. Milliy g‘urur bosh qonunimizning asosidir. “Turkiston”. 2005 yil 12 fevral.

[20] I.A. Karimov. Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot-pirovard maqsadimiz. – T.: O‘zbekiston, 2000, 465-bet.

Kiritildi: 2020-05-29 20:28:42; O‘qildi: 30538 marta;

 

©: 2012 – 2020. Самарқанд Давлат Университети.
Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!