Chorshanba, 27 may 2020 y. Ўзбекча | O‘zbekcha | Русский | English
Bosh sahifa / Milliy g‘oya va mafkura / Milliy g‘oya

Milliy g‘oya – taraqqiyot omili.

Kategoriya: Milliy g‘oya va mafkura – Milliy g‘oya;
Muallif: ass. Negmatova Sh.Sh.

Milliy g‘oya nafaqat o‘zlikni anglash omili, balki ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot ucun ham muhim omil hisoblanadi. Taraqqiyot o‘zi nima?

Taraqqiyot – rivojlanishning oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga yo‘nalgan shakli, uning yuksalishi. Taraqqiyot borliqning eng umumiy xossalaridan biri bo‘lib, u predmetning yangi sifat holatiga o‘tishida, tarkibi va strukturasining xossalari, aloqalari va munosabatlarining o‘zgarishi va shu kabilarda o‘z ifodasini topadi. Vaqt taraqqiyotning muhim xususiyatlari qatoriga kiradi. Har qanday taraqqiyot real vaqtda sodir bo‘ladi va bu uning orqaga qaytmas yo‘nalishga ega o‘zgarish ekanligini namoyon qiladi. (Falsafa ensiklopedik lug‘at. – T.: O‘MEDIN, 2010. 254-b.)

Milliy g‘oyaning asosiy g‘oyalari va tamoyillarining taraqqiyot uchun ahamiyatini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak fikrimizni isbotlagan bo‘lamiz. Yurt tinchligi - milliy mafkuraning asosiy g‘oyalaridan biri, mamlakat barqaror taraqqiyotining aso¬siy sharti. Tinchlik — insonning hayotiy ehtiyoji, emin-erkin yashashi va kamol topishining eng zarur omilidir. Har bir inson uchun yurt tinchligi bebaho ne’mat, ulug‘ saodatdir. Bashariyat o‘z taraqqiyotining barcha bosqichlarida, avvalo, tinchlik-totuvlikka intilib kelgan. Tinchlikni saqlash va mustahkamlash masalasi umumbashariy muammodir. Insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida jamiyatning asosiy masalalari, birinchi navbatda, tinchlik-totuvlik holatidagina samarali hal etilgan. Shu boisdan ham yurt tinchligi — barqaror taraqqiyot garovidir. Tinchlikni saqlash muammosini kishilarning shunchaki xohish-istagi, orzu-umidlari bilan hal qilib bo‘lmaydi. Insoniyat uchun muqaddas bu qadriyatga doimo izchil va qat’iy harakatlar tufayligina erishilgan. O‘zbekiston xalqi tinchlikni yuksak qadrlaydi hamda uni o‘z orzu-umidlari, oliy maqsadlari ro‘yobga chiqishining kafolati, deb biladi. Shu boisdan ham bobo-momolar duoga qo‘l ochganida, dastavval, Yaratgandan tinchlik-omonlik tilaydi. Xalqimiz orasida ham «tinchlik bo‘lsa, har qanday maqsadga erishish mumkin», degan tushuncha keng tarqalgan. Lekin tarix saboqlari shundan dalolat bermoqdaki, orzu-niyatning o‘zi bilangina uzoqqa borish qiyin. Yurt tinchligi dunyo va mintaqalar tinchligi bilan chambarchas bog‘liq. Davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik munosabatlari tobora chuqurlashib borishi hozirgi sharoitda tinchlikning nihoyatda muhim omili sifatida katta ahamiyat va chuqur ma’no kasb etmoqda. Xalqaro maydonda ro‘y berayotgan tub siyosiy o‘zgarishlar ham tinchlik uchun kurashning ahamiyatini yanada oshirib yubordi. Ko‘pgina mamlakatlar xalqlarining milliy istiqlol, demokratik erkinliklarni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lidagi sa’y-harakatlari o‘z yurti va mintaqalaridagi tinchlik va barqarorlikka bog‘liq ekani ravshan. «Qo‘shning tinch — sen tinch» maqolining tub ma’nosini dunyo ham, biz ham yanada teranroq anglamoqdamiz. Ko‘qna tarixga nazar tashlasak, aynan yurt tinch, el omonlikda yashagan davrlardagina xalqimiz moddiy va ma’naviy yutuqlarga erishganiga guvoh bo‘lamiz. Xususan, Sohibqiron Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bek Movarounnaxrga hukmronlik qilgan 40 yil mobaynida mamlakatda tinchlik-barqarorlik ustuvor bo‘lgani sababli ilm-fan, madaniyat taraqqiy etgan, bunyodkorlik ishlari rivojlangan, ko‘hna zaminimiz gullab-ashnagan. O‘zbekiston xalqi tinchlikni o‘z orzu-intilishlari, maqsad-muddaolari ro‘yobga chiqishining sharti deb biladi. Shuning uchun ham doimo Yaratgandan tinchlik va omonlik tilaydi. Sharq mamlakatlarining qayeriga bormang, odamlar bir-biri bilan uchrashganda, avvalambor, "Assalomu alay-kum" dsyishadi. Ushbu kalom arabchadan olingan bo‘lib, "Sizga tinchlik yor bo‘lsin" degan ma’noni anglatadi. "Salom", ya’ni "tinchlik" so‘zi Qur’oni karimda 40 marta uchraydi. Bu muqaddas kitobning oyatlaridan birida shunday deyiladi: "Mehribon Parvardigor tomonidan odamlarga olqish ma’nosida "tinchlik" so‘zi aytilur". Biroq, insoniyat tarixida, keyingi besh ming yilda taxminan 15 mingdan ortiqroq katta-kichik urushlar bo‘lgan ekan. Holbuki, bashariyat faqat tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lgan taqdirdagina o‘z oliy maqsadlariga erishadi, moddiy va ma’naviy jihatdan yuksaladi. Yurt tinchligi eng aziz ne’mat ekaniga butun jahon amin bo‘lmokda. Dunyoning ko‘p mamlakatlarida ro‘y berayotgan terrorchilik harakati bu borada hali ko‘plab muammolar borligini ko‘rsatmokda. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq yurt tinchligini saqlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. O‘zbekiston dunyoda birinchi bo‘lib Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli maydonga aylantirish, xalqaro terrorchilikka qarshi kurash markazini tuzish va boshqa tinchliksevar takliflar bilan chikdi. Chunki islohotlarning natijalari aynan shu g‘oyani amalga oshirishga bevosita bog‘liq edi. Shuning uchun ham mil¬liy mafkurada yurt tinchligini ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratish masalasiga alohida e’tibor berilgan. Yurt tinchligi — Vatan ozodligi va mustaqilligi bilan chambarchas bog‘liq. Birovga qaram bo‘lgan xalq qech qachon erkin va farovon yashay olmaydi. Shuning uchun ham mustaqillik va tinchlikni asrashimiz, mamlakatimizni tajovuzkor kuchlardan himoya qilishga doi¬mo tayyor turishimiz lozim. Yuksak ma’naviyat, madaniyat, millatning g‘oyaviy va mafkuraviy yetukligi yurt tinchligini saqlashning muhim shartidir. Xalqimiz uchun azal-azaldan muqaddas bo‘lgan bu g‘oya jamiyatdagi turlicha fikr va qarashga ega bo‘lgan barcha kuch va harakatlarni birlashtirishga, shu orqali milliy hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. I.A.Karimov "Bizning keyingi yillarda erishgan eng katta yutug‘imiz bu umumiy xonadonimizda qaror topgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikdir. Odamlarimiz tafakkurida bu qadriyatning beqiyos ahamiyatini anglab yetish tuyg‘usi tobora yuksalib bormoqda" deb bejiz ta’kidlamagan. O‘zbekistondagi ijtimoiy hamkorlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik Yurt tinchligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa mamlakatimizda ichki barqarorlikni ta’minlash, xorijiy davlatlar bilan teng huquqli hamkorlikni rivojlantirish, jamiyat hayotining barcha sohalarini erkinlashtirish va demokratiyalashtirish, siyosiy partiyalar faolligini oshirish, belgilangan reja va maqsadlarga erishish, bir so‘z bilan aytganda, bunyodkorlik faoliyatiga xizmat qilmoqda.

Manba: www.wikipedia.org

Nazarov Q. “Ma’naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati”. –T.:

2009y. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi

2.3. Vatan ravnaqi - milliy mafkuramizning asosiy g‘oyalaridan biri. Bu g‘oya – har bir kishining manfaatlarini yurt manfaatlari bilan uyg‘unlashtiradigan, uni xalq baxt-saodati yo‘lida xizmat qilishga da’vat etadigan bunyodkor g‘oyadir. U milliy istiqlolning oliy maqsadlaridan biri bo‘lmish barchamiz uchun muqaddas sanalgan Vatanimizning ravnaqini ta’minlash, uning jahon maydonida munosib o‘rin egallashiga erishishini nazarda tutadi. "Vatan ravnaqi avvalo uning farzandlariga, ularning ma’naviy va jismoniy kamolotiga bevosita bog‘liq. Bu o‘z navbatida har bir yurtdoshimizni zimmasidagi yuksak fuqarolik mas’uliyatini his etishga, o‘z manfaatlarini shu yurt, shu xalq manfa¬atlari bilan uyg‘unlashtirib yashashga da’¬vat etadi" ("Yuksak ma’naviyat - yengil-mas kuch", 73-b.). Vatan ravnaqi g‘oyasini amalga oshi¬rish bevosita jamiyatning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy rivojlanishiga bog‘liq. Bunda birinchidan, hozirgi ijtimoiy barqarorlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, jamiyatni boshqarishda ommaviy tashkilotlarning (xususan, mahallaning) mavqeini oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish tamoyillari nihoyatda muhim. Ikkinchidan, hayotda demokratik tamoyillarning ustuvorligi, muqobil partiyalar, jamiyatning barcha jabhalarini erkinlashtirish, davlatning islohotchilik funksiyasi, aholi siyosiy ongi va madaniyatini oshirishda katta ahamiyatga ega. Uchinchidan, bozor munosabatlariga xos mulkchilikning shakllanishi, iqtisodiyotning tarkibiy tizimidagi o‘zgarishlar, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, iqtisodiyotni erkin-lashtirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish bunda muhim omil bo‘lib xiz¬mat qiladi. To‘rtinchidan, tarixiy merosimizning tiklanishi, aholi intel-lektual salohiyatini oshirish, fan va ilmiy muassasalar, san’at va adabiyotni rivojlantirish, komil insonni tarbiyalash bo‘yicha milliy ta’lim dasturining izchil amalga oshirilishi, xalqaro madaniy aloqalarni kuchaytirish ham Vatan ravnaqiga xiz¬mat qiladi. Beshinchidan, mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida qonun ustuvorligiga erishish, huquqiy-demokratik jamiyat qurish sohasidagi tajribalar, davlatimizning xalqaro huquq normalariga amal qilishi — Vatan ravnaqini ta’minlaydigan shart-sharoitlardir.

Manba: www.wikipedia.org

Nazarov Q. “Ma’naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati”. –

T.: -2009y. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi

2.4. Xalq farovonligi - xalqqa munosib turmush sharoiti yaratishni ifodalovchi tushuncha O‘zbekistonda barpo etilayotgan jamiyatning iqtisodiy asosi ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotidir. Bugungi kunda dunyodagi barcha mamlakatlar aynan shu yo‘ldan taraqqiy etib, o‘z xalqining farovon hayot kechirishini ta’minlashga erishmoqda. O‘zbekiston ham shunday yo‘lni tanlagan. Hozirda amalga oshirilayotgan islohotlar shunchaki islohot uchun emas, aynan inson uchun, uning haq-huquqi va erkinliklari hamda farovon hayotini ta’minlash uchun xizmat qiladi. Sobiq sho‘ro tuzumi odamlar ongiga barcha falokatlarning sababi xususiy mulkda, degan g‘oyani singdirib, soxta tenglikni qaror toptirmoqchi edi. Oqibatda ishlamagan odam ishlagan odamdan yaxshiroq yashay boshlagan edi. Hatto sovet kishisining o‘zi ham davlat mashinasining murvatiga aylantirilgan edi. Mehnatga haq to‘lashdagi adolatsizlik boqimandalik kayfiyatini, ishlab chiqarishdagi isrofgarchilikni, tashmachilikni kuchaytirdi. Odatda, mustabid tuzumlar xalq farovonligidan, uning boyib ketishidan manfaatdor bo‘lmaydi. O‘zbekiston istiqlolga erishgan dastlabki kunlardanoq yakka dav¬lat mulki hukmronligiga barham berilib, mulk shakllarining xilma-xilligiga, jumladan, xususiy mulkka keng yo‘l ochdi. Bugungi kunda mamlakatda mulkdorlar sinfi shakllanmokda. Bozor iqtisodiyoti jamiyatni ma’lum ma’nodagi tabaqalanishga olib kelishi tabiiy. Xalq farovonligini ko‘zlagan davlat xalqning keskin tabaqalanishiga — oshib-toshib ketgan boylaru kambag‘al-qashshoqlarga bo‘linib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini ko‘rib, bu borada o‘ziga xos kuchli ijtimoiy siyosat yuritadi. Aholining eng kam himoyalangan va muhtoj tabaqalarini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar muvaffaqiyati kafolatidir. O‘zbekistonda ijtimoiy himoya choralari aholining asosan haqiqiy muhtoj va ehtiyojmand qatlamlariga yo‘naltirilmoqda. Bu borada davlat manbalari bilan bir qatorda mehnat jamoalari, jamoat va xayriya tashkilotlari hamda jamg‘armalarning mablag‘lari ham ishga solinmoqda. Bugungi kunda farovon turmush asosi erkinlik, tadbirkorlik, tashabbuskorlikdir. Tadbirkorlik faoliyatining erkinligi uchun konstitusiyaviy, huquqiy va iqtisodiy shart-sharoit hamda kafolatlar yaratilishi zarur. Tashabbuskorlik va tadbirkorlikni rag‘batlantirish, odamlarda mulkka egalik hissini tarbiyalash, kichik va o‘rta korxonalarni izchil rivojlantirish, aholi farovonligi va daromadlarining ortishida, ishsizlik muammosini yechishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tabiiy boyliklar, yer - resurslari, mamlakatlari iqtisodiy salohiyati har bir fuqaroning ehtiyojlarini qondirish, o‘zligini namoyon etish va bunyodkorlik qobiliyatini ro‘yobga chiqarishning asosiy omillaridir. Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohot va bunyodkor¬lik ishlari xalq farovonligini oshirishga qaratilgan.

2.5. Komil inson - milliy g‘oyaning asosiy tamoyillaridan biri. Komil inson g‘oyasi va uni amalga oshirishga bo‘lgan intilish insoniyat sivilizatsiyasining ma’no-mazmunini tashkil qiladi. Komil inson haqidagi ta’limot insonning ma’naviy, axloqiy, intellektual va jismoniy nuqtai nazaridan yetuklik darajasiga ko‘tarilishini ko‘zda tutadi. Yurtimizda komil insonni voyaga yetkazish masalasiga azaldan katta e’tibor bilan qaralgan. Shuning natijasi o‘laroq tariximizda o‘zining ma’naviy fazilatlari, jismoniy imkoniyatlari bilan jahon ahlini hayratga solgan buyuk barkamol insonlar ko‘plab yetishib chiqqan. Ular qoldirgan boy ilmiy ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy meros xalqimizning bebaho mulkiga aylangan. Masalan, Abu Ali ibn Sino buyuk qomusiy olim sifatida tibbiyot, matematika, astronomiya, fizika, kimyo, biologiya, dorishunoslik, ruhshunoslik (psixologiya), fiziologiya, filologiya, falsafa, axloq, estetika va jismoniy tarbiya kabi ko‘plab fanlarning yetuk bilimdoni bo‘lgan. Uning asarlari nafaqat O‘rta Osiyoda, balki butun Sharq hamda G‘arb mamlakatlarida ham hurmat bilan tilga olingan va mutolaa qilingan. Ko‘plab tarixiy asarlarda qayd etilishicha, Ibn Sino 20-25 yoshidayoq qomusiy olim si¬fatida shuhrat qozongan. Shu jihatdan yondashib, bu ulug‘ ajdodlarimiz tom ma’noda Komil inson bo‘lgan deyish mumkin. Yana bir buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy bir qit’asida “Kamol et kasbkim” dea da’vat qilganida komil inson uchun zarur bo‘lgan ko‘p xususiyatlarni egallashni nazarda tutgan. Alloma bobolarimiz qayd etganlaridek, inson o‘zini hirs, ta’ma, nafs, g‘aflat, nodonlik, yovuzlik kabi illatlardan poklamasa, u hech qachon komil inson bo‘la olmaydi. Alisher Navoiy komil insonni ahli ma’ni kishilar deb bilgan. Ahli ma’ni – fikrli

odamlar, degan ma’noni anglatadi. Fikrsiz xaloyiqning ongida ma’ni chuqurligi bo‘lmaydi. Fikrlash haqiqatni anglashga intilishni ifodalaydi. Alisher Navoiy komil inson g‘oyasiga o‘z asarlarida qayta-qayta murojaat qilgan. Uning "Hayratul-abror" dostonida yetuk shaxsning ma’naviyatidagi ezgulik, saxovat, soflik, hayo, muruvvat, andisha, adab, kamtarlik, sadoqat, qanoat, rostgo‘ylik, insof, adolat, bag‘rikenglik singari fa¬zilatlar ta’riflanib, ruhiy kamolot yo‘llari tahlil etilgan. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har qanday jamiyatda komillikning eng asosiy belgisi in¬sonning ezgulikka, ijtimoiy baxt-saodatga, insonparvarlik g‘oyalariga munosabatida hamda ularga asoslangan amaliy faoliyatida namoyon bo‘ladi, ya’ni jamiyatning umumiy rivojiga, insoniyat sivilizatsiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan komillik mezoni shaxsning barkamolligi orqali jamiyatni farovon qilishdan iborat bo‘lgan. Insondagi komillik, eng av¬valo uning fikr, tafakkur va amaliy faoliyat erkinligini anglashidadir. Shu ma’noda, buyuk yunon faylasufi Suqrotning "O‘z-o‘zingni angla", degan da’vati ham insonning nasl-nasabini, hayot mazmunini, kishining kelajak avlodlar oldidagi mas’uliyat va majburiyatini anglashga qaratilgan chaqiriqdir. Komil insonning mohiyati, avvalo, jamiyatni barkamol qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlarda namoyon bo‘ladi. Komil inson va jamiyat munosabatlarida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ikki jarayonni ko‘rish mumkin. Birinchisi, komil insonning jamiyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir qilishi. Komil inson g‘oyasining mavjudligi va u bilan borliq amaliyot jamiyat rivojlanish darajasini belgilaydigan mezon sifatida namoyon bo‘ladi. Chunki, biz har qanday jamiyatni unda yashayotgan kishilarning xatti-harakatiga qarab baholaymiz. Ikkinchisi, jamiyatning xarakteri, uning komil insonni tarbiyalash borasidagi imkoniyatlarida, unga bo‘lgan munosabatida namoyon bo‘ladi. Ya’ni, erkinlik, mustaqillik komil inson g‘oyasini amalga oshirish uchun tegishli shart-sharoit yaratadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda komil insonni tarbiyalash uchun ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy, tashkiliy vazifalar davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. Prezidentimiz Islom Karimov komil insonni tarbiyalashga yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligining eng muhim omillaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratmoqda.

Manba: Nazarov Q. “Ma’naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati”. –

T.: -2009y. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi

2.6. Ijtimoiy hamkorlik - turli millat, irq va dinga mansub kishilar hamda guruhlarning umumiy maqsad yo‘lida birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib faoliyat olib borishi, ularning o‘zaro hamjihatligini ifoda etadigan atama. Ijtimoiy hamkorlik jamiyatda tinchlik va barqarorlik, yuksak taraqqiyotni ta’minlashning muhim omilidir. Ijtimoiy hamkorlik bo‘lmagan jamiyatda boshboshdoqlik, turli millat va elat vakillari o‘rtasida ishonchsizlik ortib, qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayishi, bu esa oxir-oqibatda og‘ir inqirozga olib kelishi mumkin. Ijtimoiy hamkorlik g‘oyasini amalga oshirish yo‘lida g‘ov bo‘ladigan eng xatarli to‘siklar aqidaparastlik, terro-rizm, ekstremizm, ayirmachilik, mahalliychilik, tajovuzkor millatchilik va shovinizmdir. Bunday zararli g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan jamiyat tabiiy ravishda halokatga yuz tutadi. Bunga uzoq va yaqin tarixdan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Mafkuraviy kurashlar kuchayib borayotgan bugungi kunda fuqarolarimiz o‘rtasida ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ijtimoiy hamkorlik masalasi biz uchun yangi tushuncha bo‘lmay, o‘zining tari¬xiy ildizlariga ega. Ma’lumki, O‘zbekiston diyorida qadimdan turli sivilizatsiya vakillari, madaniy qatlamlar, xilma-xil e’tiqod va dunyoqarashlar yonma-yon yashab, Ijtimoiy hamkorlik asosida rivojlanib kelgan. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: "Bu zamin Sharq va G‘arbning, Shimol va Janubning, qadim o‘tmish va buyuk kelajakning tutashgan joyi, Markaziy Osiyoning yuragi, insoniyat tafakkuri, fan va madaniyatining eng ko‘hna o‘choqlaridan biridir". Bu tuproqda jahonni hayratga solgan sivilizatsiyaning ildizlari vujudga kelgan, insoniyat tarixining eng kadimgi davrlariga mansub diniy va falsafiy an’analar shakllangan. Qadimgi yunon faylasufi Geraklit bu yurtni «falsafiy tafakkur beshigi», deb bejiz ta’riflamagan. Shuni ta’kidlash joizki, bizning sivilizatsiyamiz o‘ziga «xos tolerant tafakkurga tayangan. Ona zaminimizda uzoq vaqt otashparastlik, buddaviylik, yahudiylik, xristianlik, islom dinlari birgalikda faoliyat ko‘rsatib, rivojlanib kelgani, tabiiyki, ijtimoiy hamkorlik mevasidir. Bugungi kunda mamlakatimizda turli millat va din vakillari manfaatlarini uyg‘unlashtirish, ular orasida totuvlikni ta’minlash asosida ijtimoiy hamkorlikka erishish taraqqiyotning hal qiluvchi omillaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Konstitusiyasining 8-moddasida «O‘zbekiston xalqi, millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi» deb aniq belgilab qo‘yilgan. «O‘zbekiston xalqi» tushunchasi mamlakatimizda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlik asosida jamiyatda ijtimoiy hamkorlikning ta’minlanishi uchun huquqiy-ma’naviy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri ham ijtimoiy hamkorlikdir. Bugungi kunda ana shu tamoyil asosida yurtimizda turli millat, guruh va qatlamlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchayti¬rish milliy taraqqiyotimizda tobora ustuvor ahamiyat kasb etib bormokda.

Prezidentimiz asarlari asosida g‘oyaviy ziddiyat va kurashlar tarixini o‘rganish shundan dalolat beradiki, necha ming yillar davomida ezgu va taraqqiyparvar g‘oyalarga qarshi qurol, kuch, makr-hiyla ishlatib kelingan. Qaram xalqlarga qullik psixologiyasi singdirilgan, bosqinchilarning qadriyatlari zo‘rlab o‘tkazilgan. Hozirgi kunda ekstremizm, terrorchilik, millatchilik, shovinizm, ma’naviy qashshoqlik, axloqsizlikni targ‘ib qilish jiddiy mafkuraviy xavf sifatida namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda bu borada intellektual va ommaviy axborot vositalaridan ham foydalanilmoqda. Muayan mafkuraviy poligonlarning muttasil tarqatayotgan axborotlaridagi yovuz va zararli g‘oyalar oqimi, jangari filmlar, bolalarga mo‘ljallangan buzg‘unchi g‘oyalar asosida ishlangan o‘yinlar, kompyuter tarmoqlari dasturlarini ishdan chiqaradigan “viruslar”ni tarqatish bunga misol bo‘la oladi. Shuningdek hozirgi globallashuv sharoitida g‘oyaviy qaramlikka solishning xilma-xil usullari qo‘llanilmoqda, turli “ovoz”lar, ommaviy axborot vositalari, informatsion texnologiyalar yordamida mafkuraviy tajovuzlar uyushtirilmoqda.

Mustaqillikka erishgan mamlakatlar, jumladan O‘zbekiston uchun ham bunday xavflarni bartaraf etish masalasi jiddiy g‘oyaviy muammolar doirasiga kiradi. Mafkuraviy kurash tobora murakkablashib borayotgan, uning yangi va yangi usullar o‘ylab topilayotgan hozirgi kunda ushbu tahdid va ta’sirlarga faqat kuchli g‘oya, o‘zlikni anglash, sog‘lom mafkuragina qarshi tura olishi mumkin. Shuning uchun ham Islom Karimov tomonidan yuksak mafkuraviy madaniyatni mujassam etgan “G‘oyaga qarshi faqat g‘oya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat ma’rifat bilan kurashish . . .” haqidagi tamoyil nazariy jihatdan asoslab berildi va u mamlakatimizda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

2.7. Millatlararo totuvlik – millatlararo ahillik, xalqaro do‘stlik; milliy mafkuraning asosiy g‘oyalaridan biri; muayan hudud, davlatda turli millat vakillarining bahamjihat yashashi, hamkorlikda faoliyat yuritishini ifodalovchi tushuncha. Yer yuzidagi 1600 dan ortiq millatdan bor-yo‘g‘i 200ga yaqini o‘z davlatchiligiga ega, xolos. Bunday sharoitda butun dunyoda millatlararo totuvlikni ta’minlash uchun ularning manfaatlari, ruhiyati, intilishlarini muntazam o‘rganib borish, siyosiy-ijtimoiy hayotda buni doimo e’tiborga olish zarur. Jahon tajribasi millatlararo totuvlikni ta’minlashga biryoqlama, yuzaki yondashuv jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkinligini ko‘rsatadi. Xususan, davlatga o‘z nomini bergan millat bilan usha joyda yashaydigan boshqa mil¬lat va elat vakillari o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy e’tiborni talab qiladi. Aks holda, jamiyat hayotidagi tinchlik va barqarorlik izdan chiqishi mumkin. Bu masala bizning mamlakatimiz uchun ham juda muhim. O‘zbekiston hududida qadimdan ko‘plab millat va elat vakillari bahamjihat istiqomat qilib kelgan. Ular o‘rtasida asrlar davomida milliy nizolar bo‘lmagani xalqimizning azaldan bag‘rikengligini ko‘rsatadi. Millatlararo munosabatlarda uyg‘unlik vujudga kelgan mamlakatlarda ko‘p millatlilik jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga samarali ta’sir etadi. Millatlararo totuvlik g‘oyasi umumbashariy qadriyat bo‘lib, turli xalqlar birgalikda istiqomat qiladigan mintaqa va davlatlar milliy taraqqiyotini belgilaydi, shu joydagi tinchlik hamda barqarorlikning kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi kunda Yer yuzida 6 mlrd.dan ziyod aholi mavjud. O‘zbekiston hududida esa 130 dan ortiq millat va elat vakillari yashamoqda. Har bir millat Yaratganning mo‘’jizasi bo‘lib, o‘z tili, dini, maslagi, qadriyatlari, an’analariga ega. Shu bois mazkur ma’naviy omillarning amal qilishi millatlararo totuvlikning muhim shartlaridan sanaladi. Davlatlar bu borada ko‘p millatli (polietnik) va bir millatli (monoetnik) tarkibga ega bo‘lib, har biri o‘ziga xosligi bilan bir-biridan farq qiladi. Har bir mamlakatda turli millat vakillarining mavjudligi azal-azaldan unga o‘ziga xos tabiiy rang-baranglik baxsh etib kelgan. Har bir millatning umumiy manfaatlari bilan birga o‘ziga xos qadriyatlari ham bor. Umumiy qadriyat va xususiy manfaatlar bir-biriga zid kelib qolishi yoki uyg‘un bo‘lishi mumkin. Bunda muayan mamlakatdagi milliy siyosat muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston kabi po¬lietnik mamlakatda turli millatlar manfaatlarini uyg‘unlashtirish, ular orasida totuvlikni ta’minlash taraqqiyotning hal qiluvchi omillaridan biri hisoblanadi. Zero, millatning istiqboli boshqa xalqlar va mamlakatlarning taraqqiyoti, butun jahondagi vaziyat va imkoniyatlar bilan ham bog‘likdir. Butun dunyoda, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlarda yonma-yon yashayotgan etnoslar o‘rtasida tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik, hamkorlik, hamjihatlik, teng huquqli munosabat bo‘lmasa, ulardan hech biri o‘zining porloq istiqbolini ta’minlay olmaydi. Shu bilan birga, bir mamlakat doirasida milliy manfaatlarni teng qondirish, ular rivojini ta’min¬lash juda murakkab masala ekanini ham anglamog‘imiz darkor. Millatlararo totuvlik g‘oyasi ana shu masalani to‘g‘ri hal qilishga yordam beradi. Bu g‘oya – bir jamiyatda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar o‘rtasi¬dagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikning ma’naviy asosidir. Bu g‘oya - har bir millat vakilining iste’dodi va salohiyatini to‘la ruyobga chiqarish uchun sharoit yaratadi va uni Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligi kabi ezgu maqsadlar sari safarbar etadi. Mamlakatimizda ushbu g‘oyani amalga oshirishga katta e’tibor berilmokda. Prezident I.A.Karimov O‘zbekistonning bu boradagi o‘ziga xos siyosatini bayon etib, ta’kidlaganidek: «Respublika aholisi o‘rtasida ko‘pchilikni tashkil qiladigan o‘zbek millatining muqaddas burchi ona tilini, o‘z mil¬liy madaniyati va tarixini tiklashdangina iborat emas, balki birgalikda hayot kechiruvchi kam sonli xalqlarning taqdnri uchun, ularning o‘ziga xos madaniy-ma’naviy xususiyatlarini saqlab qolish uchun, kamol topishi va o‘zligini namoyon etishi uchun ularga teng sharoit va imkoniyatlar yaratib berish borasida mas’ul bo‘lishdan ham iboratdir». Bunday muhit millatlararo munosabatlarda turli muammolar tug‘ilishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi va Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovon¬ligi kabi umummilliy g‘oyalarni hamkor va hamjihat bo‘lib amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Necha ming yillik tariximiz shundan guvohlik bermoqdaki, olijanoblik va insonparvarlik, millatlararo totuvlikka intilish xalqimizning eng yuksak fazilatlaridan hisoblanadi. Bu boradagi an’analar avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 8-moddasida «O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi», deb aniq, belgilab quyilgan. «O‘zbekiston xalqi» tushunchasi mamlakatimizda yashab, yagona maqsad yo‘lida mehnat qilayotgan turli millat va elatlarga mansub kishilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik uchun ma’naviy asos bo‘lib xizmat kida¬li. Yurtimizda bugungi kunda 130 dan ortiq milliy-madaniy markazlar ishlab turibdi. Ularning turli yo‘nalishlardagi faoliyati, birinchidan, o‘z vakillarini milliy tarix, urf-odatlar va an’analardan xabardor qilishga, ikkinchidan, xalqning o‘z-o‘zini anglashiga ta’sir etib, millatlararo totuvlikning mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Manba: www.wikipedia.org

Nazarov Q. “Ma’naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati”. –T.:

2009y. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi

2.8. Dinlararo bag‘rikenglik – turli diniy e’tiqoddagi kishilarning olijanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashi, kishilik jamiyati ravnaqi yo‘lida xizmat qilishini anglatadigan tushuncha. Hozirgi vaqtda bu ezgu g‘oya nafaqat dindorlar, balki jamiyatning barcha a’zolari o‘rtasidagi hamkorlik va bahamjihatlikni nazarda tutadi. Dinlararo bag‘rikenglik tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, ozod va obod Vatan qurishning muhim shartidir. Qadimdan diyorimizda buddaviylik, zardushtiylik, nasroniylik, yahudiylik, islom dinlari yonma-yon yashab kelgan, madaniyat markazlari hisoblangan shaharlarimizda masjid, cherkov, sinagogalar faoliyat ko‘rsatgan. Ularda turli millat, elat va dinga mansub bo‘lgan xalqlar, qavmlar o‘z diniy amallarini emin-erkin ado etgan. Vatanimiz tarixining eng murakkab, ziddiyatli, og‘ir davrlarida ham yurtimizdagi mavjud din vakillari o‘rtasida diniy asosda mojarolar bo‘lgan emas. Bu – yurtimiz xalqlarining dinlararo bag‘rikenglik borasida katta tajribaga ega bo‘lganidan dalolat beradi. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 16 ta konfessiyaga mansub diniy tashkilotlar faoliyat yuritmokda. Ularga o‘z diniy marosimlarini o‘tkazish va mamlakat hayotida faol ishtirok etish uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu boradagi huquqiy asoslar O‘zbekiston Konstitusiyasida, "Vijdon erkinligi va diniy tashkilot¬lar to‘g‘risida"gi Qonunda mustahkamlab quyilgan. Ma’lumki, dunyodagi dinlar asl mohiyatiga ko‘ra ezgulik g‘oyasiga asoslanadi, kishilarni halollik, poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Inson hayotining asl maqsadi inson va tabiatga nisbatan odilona, oqilona munosabatda bo‘lish, hamisha yaxshi, savobli ishlarni amalga oshirishdan iboratdir. Shunday ekan, haqiqiy diniy qarashlar ortida dinlararo bag‘rikenglik yotadi. YUNYES¬KO dinlararo bag‘rikenglik muammosiga alohida e’tibor berib, 1995 yilni BMTning bag‘rikenglik yili deb e’lon qildi. O‘sha yili 16 noyabrda 185 davlat ishtirokida Parijda Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi qabul qilindi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda ham bu sohada ulkan ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda respublikamizda ikki mingdan ziyod diniy tashkilot, shu jumladan, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Qoraqalpog‘iston Musulmonlari qoziyati, Toshkent Islom instituti, 10 ta Madrasa va 2003 ta masjid, Rus pravoslav cherkovi, Toshkent va O‘rta Osiyo Yeparxiyasi, Pravoslav seminariyasi, Rim-katolik cherkovi, Yevangel xristian baptistlar cherkovlari ittifoqi, to‘liq Injil xristianlar markazi, Xristian se¬minariyasi, O‘zbekiston Bibliya jamiyati, 162 ta xristian cherkovi, 8 ta yaxudiy va 8 ta baxriy jamoasi, 1 ta Krishnani anglash jamiyati, 1 ta buddist ibodatxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tgan.

Din asosida yuzaga kelgan turli ta’limotlarga e’tiqod qiluvchi ayrim kishilar, kichik yoki katta guruhlar o‘rtasidagi xilma-xil aloqalar. Bu ijtimoiy munosabatlarning alohida turi bo‘lib, unda dinlarning o‘ziga xos jihatlari: ta’limoti, e’tiqodi, tashkilotlari va boshqalar namoyon bo‘ladi. Turli dinlarga xos xususiyatlar, chunonchi, hududiylik (sintoizm) — asosan Yapo¬niya hududida tarqalgan, induizm — Hindistonda, islom, buddaviylik, xristianlik barcha qit’alarda; shakllanish davri (iudaizm 3000 yildan ko‘proq, xristianlik 2000 yilga yaqin, islom o‘n besh asrdan buyon mavjud) bilan bog‘liq jihatlar ham dinlararo munosabatga ta’sir ko‘rsatgan. Shaxslararo diniy munosabatlar kundalik hayotiy faoliyatda namoyon bo‘ladi. Guruhiy diniy munosabatlar turli konfessiya vakillari o‘rtasidagi muzokaralar, diniy nizolar va ixtiloflarda yuzaga keladi; tinchlik vaqtida ham muayan mamlakat hududida istiqomat qilayotgan xalqlar orasida turli e’tiqoddagi kishilarning, diniy rahbarlarning tinch-totuv yashash, har qanday masalani murosa asosida hal qilish borasida o‘zaro muloqot yuritishi mumkin. Diniy faoliyatning turli ko‘rinishlari o‘ziga xos dinlararo munosabatni yuzaga keltiradi. Macalan, o‘z diniy ta’limotini himoya qilish va boshqalarini tanqid qilish, boshqa e’tiqoddagilarni o‘ziga og‘dirish uchun da’vat qilish jarayonida ham dinlararo munosabat namoyon bo‘ladi.

Manba: Nazarov Q. “Ma’naviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati”. –

T.: -2009y. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi



Kiritildi: 2020-05-26 23:02:26; O‘qildi: 15025 marta;

 

©: 2012 – 2020. Самарқанд Давлат Университети.
Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!